
Buxoro davlat universitetida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida “BuxDUda dolzarb bir kun” yoshlar festivali
2025-yilning 26-iyun kuni Buxoro davlat universitetida “Dolzarb 90 kunlik” doirasida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida...
Buxoro davlat universitetida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida “BuxDUda dolzarb bir kun” yoshlar festivali
2025-yilning 26-iyun kuni Buxoro davlat universitetida “Dolzarb 90 kunlik” doirasida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida keng qamrovli “BuxDUda dolzarb bir kun” yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.
Festival O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Dolzarb 90 kunlik” tashabbusi asosida tashkil etilib, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni har tomonlama rivojlantirish va yangi imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida o‘tkazildi. Buxoro davlat universiteti binolari va inshootlarida tashkil etilgan festivalda maktab, litsey, texnikum hamda mahalla yoshlari faol ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida “Ochiq eshiklar kuni” hamda “Yoshlar karyerasi va bandligi” ko‘rgazmalari tashkil etildi. Ayniqsa, yoshlarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash va kasb-hunar egallashiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan “Yoshlar karyerasi va bandligi” ko‘rgazmasi alohida e’tiborga molik bo‘ldi. Ushbu ko‘rgazmalarda Buxoro shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, “Shofirkon Ekvatorial Chodak” MCHJ, “CHASE SUN ENERGY” MCHJ, “Aziz Textile” MCHJ, viloyat qo‘g‘irchoq teatri kabi bir qator ish beruvchi tashkilotlar ishtirok etdilar. Tadbir davomida universitet bitiruvchilari hamda shahrimiz yoshlari foydali ma’lumotlarga ega bo‘lishdi, turli vakillarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
“Ochiq eshiklar kuni” doirasida esa yoshlar uchun BuxDU fakultetlari va viloyatdagi tashkilotlar yutuqlari, ilmiy va amaliy ishlari aks etgan koʻrgazmalar tashkil etildi. Amaliy bezak san’ati hamda Navo-maqom ansambli to‘garaklari faoliyati bilan tanishtirildi. Qiziquvchilar uchun ushbu to‘garaklarga qanday qo‘shilish mumkinligi haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Festival doirasida sportsevar yoshlar uchun ham keng imkoniyatlar yaratildi. Universitet sport inshootlarida futbol, mini futbol, boks, trenajyor, qoʻl jangi, kurash, dzyudo, gimnastika, voleybol, stritbol, qum ustida voleybol, gandbol, basketbol kabi sport turlari boʻyicha o‘yinlar tashkil etildi. Jismoniy tarbiya va sport fakulteti tomonidan tashkil etilgan to‘garaklar namoyish etildi.
Tadbirning muhim qismlaridan biri – “Yoshlar ilmiy-innovatsion rivojlanadi” mavzusidagi uchrashuv bo‘ldi. Unda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda maktab o‘quvchilari ishtirok etdi. Tadbirni Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Xamidov ochib berib, o‘z nutqida universitetda yaratilgan imkoniyatlar, bepul to‘garaklar, fan olimpiadalari, chet tillarini o‘rganish, kompyuter savodxonligi, sun’iy intellekt va robototexnika kabi zamonaviy yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, savol-javoblar asosida tashkil etilgan uchrashuvda maktab o‘quvchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilishdi. Jumladan, 10-sinf o‘quvchisi Qahhorov Asadbek kelajakda yurist bo‘lish istagi borligini bildirib, huquq yo‘nalishidagi kirish talablari va o‘qish davomiyligi haqida ma’lumot oldi.
Festival doirasida kitobxonlik targ‘ibotiga alohida e’tibor qaratildi. Universitetning Axborot-resurs markazi – kutubxonasi tomonidan “BuxDUda yozgi ta’til yosh kitobxonlar bilan birga o‘tadi” aksiyasi o‘tkazildi. Unda shahardagi barcha maktab o‘quvchilari ko‘ngilli ravishda ishtirok etishdi.
Umuman olganda, “BuxDUda dolzarb bir kun” yoshlar festivali yoshlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga, kasbiy yo‘nalishni tanlashida aniqroq tasavvur hosil qilishiga xizmat qildi. Bu kabi tadbirlar yoshlar ongida Vatanga sadoqat, bilimga chanqoqlik va yuksak maqsadlarga intilish ruhini shakllantiradi.
Temirov Akbar Tulkin o‘g‘li Bandlik va karyera bo‘limi mutaxassisi