
“Dolzarb 90 kun” dasturi
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida 2025-yil 1-iyundan 30-avgustga qadar yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sog‘lomlashtirish, kasb-hunarga yo‘naltirish, shuningdek...
“Dolzarb 90 kun” dasturi
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida 2025-yil 1-iyundan 30-avgustga qadar yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sog‘lomlashtirish, kasb-hunarga yo‘naltirish, shuningdek, ta’lim tashkilotlari o‘rtasida yoz oylarida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
“Dolzarb 90 kun” doirasida Buxoro viloyatida tadbirlar yuqori saviyada o'tkazilmoqda!
Yozgi ta’til davrida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida Buxoroda “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida qator samarali tadbirlar o‘tkazilmoqda. Mazkur tashabbuslar doirasida Buxoro davlat universiteti hamda viloyatning tuman va shahar rahbarlari hamkorligida bitiruvchi talabalar uchun “Mehnat yarmarkasi” hamda “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari tashkil etildi. Ushbu yarmarkalarning asosiy maqsadi – ish izlayotgan bitiruvchilarni hamda qo‘shimcha daromad topish istagida bo‘lgan talabalarni ish beruvchilar bilan bog‘lash, ularni mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirishdan iborat bo‘ldi.
BuxDUda “Artel” kompaniyasi vakillari bilan bitiruvchi talabalar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
2025-yil 22-may kuni Buxoro davlat universitetida mamlakatimizning yetakchi sanoat korxonalaridan biri — “Artel” kompaniyasi vakillari ishtirokida bitiruvchi talabalar bilan mazmunli va samarali uchrashuv tashkil etildi. Tadbirga universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori K.Samiyev kirish so‘zi bilan start berdi. U uchrashuvning ahamiyati, bitiruvchilarni amaliy mehnat faoliyatiga yo‘naltirishdagi roli va universitetda olib borilayotgan bandlik siyosati haqida qisqacha ma’lumot berdi.
“Artel” kompaniyasi vakillari tomonidan korxonadagi mehnat jarayoni, mavjud ish sharoitlari, ish haqi miqdori, shuningdek, ishga qabul qilinadigan nomzodlarga qo‘yiladigan talablar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Jumladan, ishga joylashish bosqichlari, zarur kasbiy ko‘nikmalar va dastlabki suhbat jarayonlari haqida so‘raldi. Savollarga kompaniya inson resurslari bo‘limi (HR) mutaxassisi tomonidan aniq va batafsil javoblar berildi. Mutaxassis mehnatga oid motivatsion yondashuvlar, tanlovda muvaffaqiyat qozonish yo‘llari va o‘z ustida ishlashning dolzarbligiga alohida to‘xtaldi.
Tadbir yakunida ishga joylashish istagida bo‘lgan talabalarga BuxDU Bandlik markaziga murojaat qilish tavsiya etildi. Bu kabi uchrashuvlar yosh mutaxassislarni mehnat bozoriga tayyorlash va ularning kasbiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Buxoro viloyatining barcha tuman va shahar hokimliklari hamda mutasaddi tashkilotlar tomonidan Buxoro davlat universiteti bilan hamkorlikda ish qidirayotgan talabalarga har tomonlama amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Xususan, talabalarning bandligini ta’minlash maqsadida hududlardagi korxona va tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumi va mehnat shartnomalari imzolandi.
Bundan tashqari, yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Buxoro davlat universiteti va “O‘zmilliybank” AJ o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, bitiruvchi talabalar uchun imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi belgilandi. Ushbu kreditlar 10 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etib, o‘z biznes rejasiga ega bo‘lgan yoshlarga amaliy imkoniyat yaratmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar orqali bitiruvchilarning nafaqat ish bilan ta’minlanishiga, balki mustaqil tadbirkor sifatida faoliyat boshlashiga ham real zamin yaratilmoqda.
2025-yil 19-iyun kuni Romitan tuman hokimligi binosida tuman hokimi va yoshlar o‘rtasidagi navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda Romitan tumani hokimi Umid Barnoyev, Buxoro davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Rustam Jumayev boshchiligidagi rahbariyat a’zolari, universitet professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar va bitiruvchi kurs vakillari ishtirok etdilar.
Mazkur tadbir yoshlarning fikr-mulohazalarini tinglash, ularni qiziqtirgan dolzarb masalalar yuzasidan bevosita muloqot qilish, shuningdek, ularning bandligini ta’minlash, kasbiy yo‘nalishini belgilashda amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuv davomida Romitan tumani hokimi Umid Barnoyev so‘zga chiqib, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi asosida yoshlarga katta e’tibor qaratilayotgani, ularning salohiyatiga tayanilgan holda zamonaviy, innovatsion va raqobatbardosh iqtisodiyotni barpo etish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
– Bugungi uchrashuvda barcha talabalarni faollikka, tashabbuskorlikka chorlayman. O‘z kelajagingizga befarq bo‘lmang. Agar sizni qiynayotgan masalalar yoki ilgari surmoqchi bo‘lgan takliflaringiz bo‘lsa, ochiq ayting – biz ular yuzasidan amaliy yechim topishga tayyormiz. Hurmatli Prezidentimiz tomonidan yoshlarga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun zarur moddiy va ma’naviy shart-sharoitlar yaratib berilgan. Oldinga intilgan inson albatta muvaffaqiyatga erishadi, faqat to‘xtab qolmaslik kerak. Yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali siz nafaqat o‘zingizni, balki jamiyatni ham foydali ish bilan ta’minlaysiz. Shunday ekan, sizlardan Romitanimizda yangi g‘oyalar va tashabbuslar bilan chiqib, Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishingizni kutib qolaman, – deya ta’kidladi tuman rahbari.
Ushbu samimiy va ilhomlantiruvchi murojaat tadbirda ishtirok etgan yoshlarga motivatsiya bag‘ishlab, ularda yangi g‘oyalar va rejalarni amalga oshirishga bo‘lgan ishtiyoqni yanada oshirdi.
Mazkur uchrashuv yoshlar bilan bevosita va ochiq muloqot olib borish, ularning fikr va tashabbuslarini eshitish, mavjud muammolarga amaliy yechim topish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi. Tadbir davomida bildirilgan taklif va tashabbuslar tegishli mutasaddilar tomonidan ro‘yxatga olinib, ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Yoshlar esa o‘z navbatida, yaratib berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga, ilm va kasb egallab, jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta’kidlashdi. Bunday muloqotlar kelgusida ham tizimli tarzda davom ettirilishi belgilandi. Uchrashuv barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi va yoshlarning qalbida Vatanga, xalqiga munosib xizmat qilishga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi.
Temirov Akbar Tulkin o‘g‘li Bandlik va karyera bo‘limi mutaxassisi