
"Kelajakka qadam" dasturining yoshlar bandligiga ta’siri.
Yoshlar — jamiyatning eng faol, ijodkor va innovatsion qatlamidir. Ularning tadbirkorlik faoliyatiga jalb etilishi, biznes gʻoyalarini amalga oshirishga yordam berilishi, faqat iqtisodiy oʻsishni taʻminlab qolmay, balki jamiyatda yangi ish oʻrinlarini yaratishga, yangi texnologiyalar va xizmatlarni joriy etishga, va madaniy oʻzgarishlarga sabab boʻladi. Bunday jarayonlarda tijorat banklari katta rol oʻynaydi.
“Kelajakka qadam” dasturining yoshlar bandligiga ta’siri
Yoshlar — jamiyatning eng faol, ijodkor va innovatsion qatlamidir. Ularning tadbirkorlik faoliyatiga jalb etilishi, biznes gʻoyalarini amalga oshirishga yordam berilishi, faqat iqtisodiy oʻsishni taʻminlab qolmay, balki jamiyatda yangi ish oʻrinlarini yaratishga, yangi texnologiyalar va xizmatlarni joriy etishga, va madaniy oʻzgarishlarga sabab boʻladi. Bunday jarayonlarda tijorat banklari katta rol oʻynaydi. Ular nafaqat moliyaviy resurslarni taqdim etish, balki yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, maslahatlar berish va biznesni rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani yaratish bilan ham shugʻullanadi.
Bugungi kunda yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning muhim omillaridan biridir. Yoshlar orasida tadbirkorlikka qiziqish ortib bormoqda, ammo koʻplab toʻsiqlar mavjud. Oʻz biznesini boshlashda yoshlar uchun asosiy muammo — moliyaviy resurslar yetishmovchiligidir. Koʻplab yoshlar oʻz gʻoyalarini amalga oshirish uchun zarur kapitalga ega emas. Shuningdek, biznesni boshqarish tajribasining yetishmasligi, bozorda raqobatni tushunmaslik va yuridik masalalarga aloqador bilimlarning yoʻqligi ham ularga qiyinchiliklar yaratadi.
Xususan, mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni yoshlar bilan muloqot qildi. Videoselektor shaklida o‘tgan uchrashuvda yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokama etildi. Muloqot natijasiga koʻra qabul qilingan “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi PQ–61–sonli qarorida aynan yoshlarning bandligini ta’minlash, oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish, shunigdek, xususiy sektor va tijorat banklari ishtirokida kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish maqsadida AJ “Oʻzmilliybank” bilan hamkorlikda “Kelajakka qadam” dasturini amalga oshirish topshirigʻi berildi. Bu esa yosh tadbirkorlarni izlab topish, ularga kompleks xizmatlar koʻrsatish, faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasida ishlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Bunda dasturni yoshlar orasida keng targʻib qilish va hududlarda “Kelajakka qadam” markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida qaror asossida “Oʻzmilliybank” AJga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 80 million AQSh dollari ekvivalenti miqdorida 10 yilga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davri bilan Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng foizda mablagʻ hamda 20 million AQSh dollari ekvivalenti miqdorida talabalarni kasbga tayyorlash va ularning kasbiy amaliyot oʻtash xarajatlarini moliyalashtirish uchun begʻaraz asosda mablagʻ ajratilishi belgilandi.
Tijorat banklari yosh tadbirkorlarga oʻz bizneslarini boshlash va rivojlantirish uchun zarur bo'lgan moliyaviy resurslarni taqdim etish orqali ularga katta yordam beradi. Yoshlarning biznesga boʻlgan ishtiyoqini kuchaytirish uchun banklar quyidagi xizmatlarni koʻrsatishi mumkin:
1) biznes kreditlari - tijorat banklari yosh tadbirkorlarga maxsus biznes kreditlarini taqdim etadi. Ushbu kreditlar, odatda, past foizli va qulay shartlarda boʻlib, yoshlarning biznes boshlash imkoniyatlarini kengaytiradi.
2) tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari – ba’zi banklar, yosh tadbirkorlar uchun maxsus dasturlar yaratib, ularga moliyaviy resurslar bilan birga, biznesni boshqarish boʻyicha maslahatlar ham taqdim etadi. Bu dasturlar orqali yoshlar biznesni qanday rivojlantirishni, resurslarni qanday samarali boshqarishni oʻrganishadi.
3) startaplar uchun investorlar bilan bogʻlanish - tijorat banklari yoshlar uchun biznes startaplarini rivojlantirishda koʻmaklashib, oʻz tarmogʻida mavjud boʻlgan investorlar bilan bogʻlanish imkoniyatlarini yaratishadi. Bu yoshlar uchun oʻz biznes gʻoyalarini amalga oshirishda qoʻshimcha moliyaviy manbalarni topishda yordam beradi.
4) ta’lim va treninglar - tijorat banklari yosh tadbirkorlarning malakasini oshirish uchun treninglar va seminarlar oʻtkazalishi belgilangan. Ushbu treninglar yordamida yoshlar oʻz bizneslarini samarali boshqarish, raqobatbardosh boʻlish va moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash yoʻllarini oʻrganishadi.
5) xalqaro hamkorlik va grantlar - tijorat banklari yosh tadbirkorlarga xalqaro biznes maydonlarida imkoniyatlar yaratishda ham yordam berishi mumkin. Shu bilan birga, ular xalqaro grantlar va investitsiyalarni olishda yordam beradi.
Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish uchun avvalo, ularni tadbirkorlik ruhini rivojlantirish va ularga muvaffaqiyatli biznesni boshqarish koʻnikmalarini oʻrgatish maqsadga muvofiqdir. Davlat tomonidan tashkil etilgan ta’lim dasturlari, inkubatorlar, mentorlik dasturlari va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlovchi boshqa tashabbuslar yoshlarning biznesga boʻlgan qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jarayoni ularning boʻsh vaqtini mazmunli sarflanishiga, oʻz biznesiga ega boʻlish orqali yangi ish oʻrinlari yaratib boshqalarni ham ish bilan ta’minlay olishiga olib keladi. Bunda esa tijorat banklarining salmoqli hissasi mavjud. Yosh tadbirkorlarga moliyaviy koʻmak berish, biznes savodxonligi boʻyicha maslahatlar berish orqali barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishiladi.
Haytmatova Munisa Quvatali qizi Marketing va karyera bo'limi mutaxassisi