BuxDUda bitiruvchilar bandligini ta’minlashga qaratilgan uchrashuv o‘tkazildi.
BuxDUda bitiruvchilar bandligini ta’minlashga qaratilgan uchrashuv o‘tkazildi
Buxoro davlat universiteti Bandlik va karyera bo‘limi hamda Bukhara Cotton Textile (BCT) korxonasi rahbariyati hamkorligida bitiruvchilar bandligini yaxshilash maqsadida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda Bandlik va karyera bo‘limi mutaxassislari hamda korxona rahbariyati ishtirok etib, talabalar bilan bevosita va ochiq suhbat olib bordilar. Uchrashuv davomida korxonaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, ishlab chiqarish jarayoni, mehnat sharoitlari, mavjud vakant ish o‘rinlari hamda yosh mutaxassislar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, ishlash istagida bo‘lgan bitiruvchilar o‘z rezyumelarini topshirishlari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga qabul qilinish imkoniyatiga ega ekanliklari ta’kidlandi. Korxona mutaxassislari ishlab chiqarish jarayoni, ish muhiti va karyera o‘sish istiqbollari haqida keng qamrovli tushuntirishlar berdilar. Talabalar esa o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita rahbariyatdan javob olish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashda buyurtmachilar ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan ham tushuntirishlar berildi.