Olot tuman hokimi va talaba-yoshlar uchrashuvi
⚡️BUXORO DAVLAT UNIVERSITETI HAMDA OLOT TUMAN HOKIMLIGI O'RTASIDA IKKI TOMONLAMA HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI
Buxoro davlat universitetining katta faollar zalida Marketing va karyera bo‘limi Bandlik markazi hamda Olot tuman hokimligi bilan hamkorlikda oliy ta'lim bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash, bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida Olot tumani hokimi Nargiza Ne'matova viloyatda tahsil olayotgan olotlik talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda hudud bo'yicha mas'ul idora vakillari hamda ish beruvchilar yoshlarimizning ish bilan bandligini ta’minlash, biznesini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishtirok etishdi.
Tadbirni ochib berishda BuxDU rektori O.X.Xamidov bugungi kunda yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini ochish, ularning halol mehnat qilib, daromad topishi maqsadida ko‘plab istiqbolli ishlar qilinayotganligi bot-bot takrorlanayotganligini ta’kidlagan holda keying so‘zni uchrashuv mehmoni Olot tuman hokimi Ne’matova Nargiza Isomiddinovnaga berdi.
Nargiza Isomiddinovna o‘zlarining mehnat faoliyatlari bilan talabalarni tanishtirar ekanlar, porloq kelajak uchun yoshlarimiz o‘z ustlarida ishlashlari, ish haqi kam degan bahonalarni chetga surib, o‘z kasbining yetuk kadrlari bo‘lishlari kerakligini, faqatgina yurtga nafi tegadigan yoshlar bo‘lib yetishishlarini tilab qoldilar.
Shu o‘rinda yoshlarimiz diqqatiga Nargiza Isomiddinovna o‘zlarining tibbiyotdagi ilk amaliyotlarini ta’riflab berdilar.
Bugungi kunda turli sohalarda ko‘plab yoshlakrimiz o‘z mehnat faoliyatlarini, tadbirkorliklarini allaqachon yo‘lga qo‘yib bo‘lganlar va ular qo‘l ostida ko‘plab ishsiz aholini ish bilan ta’minlaganlar. Bundan tashqari, tadbirkorlik qilishni xohlovchilar uchun ham kreditlar, subsidiyalar berilmoqda.
Shularni aytar ekanmiz e’tirof etish joizki, hamma ham davlat tashkilotlarida faoliyat olib borish bilan bir qatorda qo‘shimcha daromad qilishni ham xohlaydi. Yurtboshimiz buni ham chorasiz qoldirmadilar, subsidiyalar yoki ko‘p miqdordagi kreditlarda 50% garov asosida uzoq muddatga berilishini ta’minladilar.
Hozirda barchamiz maishiy texnikalar, zamonaviy texnologiyalardan juda ko‘p foydalanamiz. Shundan hammamizda It sohalari, texnologik ishlab chiqarish sohalari yoki axborot texnologiyalariga ehtiyoj seziladi, talaba-yoshlarimiz esa bulardan unumli foydalanib, qobiliyatlarini ishga solgan holda yorug‘ kelajak sari olg‘a qadam bosishlari kerak.
Shunday motivatsion fikrlar bayonini yakular ekanlar uchrashuvga yig‘ilgan talabalarimiz qanday muammo va takliflar bilan tashrif buyurganliklari tinglandi.
"Sport faoliyati: kurash" ta'lim yo'nalishi 3-bosqich talabasi Noriyev Ulug'bek: - Men o'z yo'nalishimda tumanda ishlamoqchiman, shunga ko'mak berishingizni so'rayman.
Olot tumani hokimi Nargiza Ne'matova: - Har juma va shanba kunlari kun bo'yi qabulim ochiq, kelib uchrashing, mos bo'sh ish o'rni bo'lsa ishga olamiz. Hozir IIB sohasida 5 ta vakansiyamiz, tuman sport maktablarida ham murabbiylarga ehtiyojimiz bor.
BuxDU "Agrobiznes va logistika" ta'lim yo'nalishi talabasi: - Biz kredit olib biror ishni boshlasak, faoliyatimizni yo'lga qo'ysaku lekin uzoq davom ettirolmasak, bankrot bo'lib qolsak kim bizga yo'l-yo'riq ko'rsatadi?
Nargiza Isomiddinovna: - Har bir tadbirkorlikni boshlayman degan yoshni biz o'zimiz o'qitamiz, Savdo-sanoat palatasi, bank vakillari, tadbirkorlarni jalb qilib treninglar qilamiz. Har bir tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash bizning vazifamiz.
"Iqtisodiyot va turizm" fakulteti talabasi: - Men o'zim tadbirkorman, 3 ta firmam bor, quyosh panellari o'rnatish bilan shug'ullanadi. O'zim Kogon sharidanman lekin Olot tumanida ham foydali quyosh panellarini o'rnatish bo'yicha loyohalar bo'lsa qatnashmoqchiman. Tumanga ham foyda bo'lardi, mening ishchilarim ham ishlab oilasiga foyda olib kirardi.
Nargiza Isomiddinova: - Prezident farmoni bilan muqobil energiya manbalarini o'rnatish bo'yicha davlat dasturi bo'yicha quyosh panellari bir qator o'rnatildi. Hozir ayni vaqtda dasturning bir qismi yakunlandi, agar yana ishlar boshlansa albatta Siz bilan bog'lanamiz, chunki bundan tumanga ham foyda, korxonaga ham foyda.
BuxDPI "Chaqiriqqacha harbiy ta'lim" yo'nalishi talabasi Abdullayev Ilyos:
- Biz 9 ta kursdoshmiz, o'z yo'nalishimizda tumanda malakaviy amaliyot o'tash uchun tashkilotlarga borsak doim bizga o'rin yo'q deb aytishadi. Shu sabab hozir ishsiz qolmay deb tadbirkorlikni o'rganyapman. Bizga o'z yo'nalishimizda ish o'rni yarata olasizmi?
Nargiza Ismoddinovna: - Tumanga shijoatli yoshlar kerak, mahallalarda yetkachilar, hokim yordamchilari kerak. Shu uchun 9 ta kursdoshingiz bilan birgalikda boring, amaliyot bo'lsa amaliyotni, ishlayman desa ish joyini topishga ko'maklashamiz.
BuxDTI 6-bosqich bitiruvchisi Rayimqulov Sherzod: - Biz nasib qilsa 4-5 oylarda o'qishni tamomlaymiz. Shunda so'ng kimga murojaat qilsak bo'ladi ishga joylashish uchun?
Nargiza Isomiddinovna: - Biz sizlarni intizorlik bilan kutamiz, chunki tumanda ish o'rni bor, malakali shifokorlar yo'q, hozirgi vrachlar majburlikdan 2-2.5 stavkada ishlayapti. Borsangiz albatta ish topamiz, chunki biz sizga muhtojmiz.
Shu kabi bir qator savollarga javob berilganidan keyin uchrashuv so‘ngida Buxoro davlat universiteti hamda Olot tumani hokimligi o'rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Unga ko'ra malakali professor-oʻqituvchilar tomonidan amaliyotlarning olib borilishi, talabalar amaliyot o‘tashi uchun shart-sharoitlarni yaratish, hokimlik tomonidan amaliy, uslubiy yordam ko‘rsatish aloqalarini kuchaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuv mobaynida Olot tumani hokimi Nargiza Ne'matova xalq shoiri Muhammad Yusuf qalamiga mansub she'rni ijro etdi.
Rahbar serqirra bo'lishi kerak. Yaratuvchanlik, odillik, liderlik, faollik, ijodkorlik, mehnatsevarlik — kabi sifatlar barobarida san'at va madaniyatni sevishi, Vataniga cheksiz sadoqatli bo'lishi darkor.
Olot tumani hokimi Nargiza Ne'matova talaba-yoshlarga kompozitor A.Ramires ijodiga mansub “В мире животных” (Странники) kuyini fortepianoda ijro etib berdi.